SSSR tarqab ketganidan keyingi o‘tgan yillar davomida Markaziy Osiyodagi mehnat munosabatlari tizimi sezilarli o‘zgarishlarga uchradi. Mustaqillikning ilk yillari davomida beshta mustaqil davlat sovet davridagi ijtimoiy himoyaning qonunchilik bilan mustahkamlangan tamoyillari va standartlarini saqlab qoldi. Bundan tashqari, xalqaro e’tirof qozonish maqsadida barcha besh mamlakat Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning mehnatkashlarning uyushish va jamoaviy muzokaralar o‘tkazish huquqini mustahkamlovchi asosiy konvensiyalarini ratifikatsiya qilishga shoshildi.
XMTning sakkizta asosiy konvensiyasi barcha besh mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilindi. Ushbu konvensiyalar ishchilarni ish joylarida kamsitilishdan (diskriminatsiyadan) himoya qilish, bolalarga ishlash emas, o‘qish huquqini kafolatlash, shuningdek, ishchilarning kasaba uyushmalariga birlashish va o‘zlarining mehnat hamda yashash sharoitlariga taalluqli masalalar bo‘yicha ish beruvchilar bilan muzokaralar o‘tkazish huquqini ta’minlashga qaratilgan.
Biroq bu huquqlar va kafolatlar faqat qog‘ozda tan olinganicha qolib ketdi: ularning amalda bajarilishini ta’minlash O‘zbekistonda va Turkmanistonda umuman imkonsiz, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda esa qisman mumkin, xolos. Janaozenda qozoq neftchilarining o‘z muzokara o‘tkazish huquqini amalga oshirishga urinishi shafqatsiz tarzda — o‘qqa tutish va ommaviy qatag‘onlar yo‘li bilan yo‘qqa chiqarildi. Bu voqealar mehnat munosabatlari amaliyotiga ishchilarga qarshi qatag‘onlarni ham qo‘shgan holda yangi voqelikni yaratdi. Bugun mintaqadagi barcha mamlakatlar ishchilarning birgalikdagi harakatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ularga bosimni kuchaytirib borish orqali ijtimoiy standartlarni bartaraf etish yo‘lidan bormoqda. Bu esa butun mintaqada ijtimoiy keskinlikning kuchayishiga yo‘l ochib, kuch ishlatish orqali hal etiladigan jiddiy nizolar xavfini oshirmoqda. Markaziy Osiyodagi bu tendensiyalar, o‘z navbatida, Sharqiy Yevropadagi qo‘shni mamlakatlardagi vaziyatga ta’sir o‘tkazib, ijtimoiy standartlar va ishchilar himoyasining umumiy darajasiga putur yetkazmoqda.
Uchrashuv ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlarida inson huquqlarini himoya qilish guruhlari va mustaqil kasaba uyushmalarining mehnat huquqlarini himoya qilish va amalga oshirish bo‘yicha harakatlarini muvofiqlashtirishni rivojlantirish zarur deb hisoblaydilar. Biz Bishkek shahridagi 3–4-noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan uchrashuvimizni ushbu muvofiqlashtirishning boshlanish nuqtasi sifatida ko‘ramiz hamda mehnat huquqlarini birgalikda himoya qilish va ularning hamma yerda kengayishiga erishishga tayyorligimizni bildiramiz.
Biz milliy va xalqaro kasaba uyushmalari birlashmalarini, nodavlat tashkilotlarni, ekspertlar hamjamiyatini hamda fuqarolik jamiyati faollarini Markaziy Osiyoda mehnat huquqlari va inson huquqlarini himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlar va tashabbuslarni o‘zaro qo‘llab-quvvatlash uchun keng koalitsiya shakllantirishga chaqiramiz. Biz o‘z faoliyati uchun ta’qibga uchragan fuqarolik va kasaba uyushmalari faollarining ozod etilishi va to‘la reabilitatsiya qilinishiga; mustaqil kasaba uyushmalari va inson huquqlarini himoya qilish guruhlarining to‘sqinliksiz faoliyatini ta’minlashga; shuningdek, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotidan “ijtimoiy adovat qo‘zg‘atish” hamda fundamental erkinliklarni cheklovchi va XMT konvensiyalariga zid bo‘lgan boshqa qoidalarning chiqarib tashlanishiga erishishga intilamiz.
Biz Markaziy Osiyoda mehnat huquqlari bo‘yicha Xalqaro kasaba uyushmalari monitoring missiyasi tuzilganini e’lon qilamiz. Uning vazifasi — uyushish huquqining buzilishi, kamsitish va ekspluatatsiyadan himoyalanishga oid axborotlarni to‘plash va umumlashtirish, umumiy tendensiyalarni tahlil qilish hamda mintaqada ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga, tinchlik va barqarorlikka erishish maqsadida huquqiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar tayyorlashdan iborat bo‘ladi.